
Taiwan Semiconductor Manufacturing Company kelajak avlod protsessorlarida qo‘llaniladigan yuqori texnologiyali 1,6 nm chiplarni ishlab chiqarishni boshlash niyatida ekanligini e’lon qildi.
TSMC kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Kevin Chjan jurnalistlarga kompaniya AI-chiplari ishlab chiqaruvchilaridan kelayotgan talab tufayli A16 chip ishlab chiqarish jarayonini tezlashtirganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, A16 texnologiyasi mikrosxemalar mantiqini yaxshilab, ularni yanada zichroq qiladi, shuningdek, ishlash samaradorligi va energiya tejashni oshiradi.
Kiritilgan o'zgarishlar tufayli, A16 texnologiyasi, TSMC ning N2P texnologiyasiga nisbatan, chiplarning ishlash samaradorligini 10% ga oshiradi va energiya sarfini 20% ga kamaytiradi. Yangi texnologiyaning qo'shimcha afzalliklari chipda tranzistorlarni yanada zichroq joylashtirishni o'z ichiga oladi. 1,6 nm texnologik jarayonda chiplar ishlab chiqarish 2026 yilga kelib boshlanadi.
Bundan tashqari, TSMC o‘zining yangi oW (System-on-Wafer) texnologiyasini ham joriy qilmoqda, bu bir nechta kristallar bir plastinkada birga ishlashiga imkon beradi. Bu yaxshiroq fazoviy taqsimlash hisobiga unumdorlikni oshiradi. TSMC’ning yangi SoW texnologiyasi allaqachon Apple chiplarida Integrated Fan-Out (InFO) yechimidan foydalanilgan holda qo‘llanilmoqda, "chip ustida plastinka" texnologiyasi esa 2027 yilga kelib taqdim etiladi.
Kompaniya shuningdek, 2 nm va 1,4 nm texnologik jarayonlarga ega chiplarni ham tayyorlamoqda. 2 nm N2 texnologik jarayoniga ega chiplarni sinov ishlab chiqarishni joriy yil oxirigacha boshlash rejalashtirilgan, kichik seriyali ishlab chiqarish esa 2025 yilning ikkinchi choragiga mo‘ljallangan. Bungacha kompaniya 3 nm texnologik jarayondan foydalanadi. A14 yoki 1,4 nm chiplariga kelsak, TSMC ularni 2027 yilda ishlab chiqarishni boshlaydi.
Apple TSMC’ning eng yangi texnologiyalarini qo‘llashda asosiy hamkor hisoblanadi. Masalan, Apple birinchi bo‘lib iPhone 15 Pro modellari va yangi M3 chip seriyasi uchun TSMC’dan 3 nm chiplarni sotib oldi. Kelajakda Apple TSMC’ning A16 texnologiyalarini birinchi bo‘lib qo‘lga kiritgan kompaniya bo‘lishi mumkin. Bu yilgi A18 Pro chiplari TSMC N3E texnologiyasi yordamida ishlab chiqariladi, keyingi yili esa iPhone 2 nm texnologik jarayoniga ega dastlabki chiplarni olishi mumkin.